10:47 PM
Tumanimizda siyosiy sharxlovchi - QOBILBEK KARIMBEKOV


Uchquduq tumaniga O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasining siyosiy sharhlovchisi, Xalqaro Antik dunyo ilmiy akademiyasining akademigi, «Shuhrat» medali sohibi, O’zbekiston xalq ta’limi a’lochisi Qobilbek Karimbekov
tashrif buyurdilar. Qobilbek Karimbekov tumanizdagi kollejlarda ma`ruzalar olib bordilar. Tashrif so`ngida qahramonimiz tuman markazidagi "Qizilqum" madaniyat saroyida 9-sinf o`quvchilari ishtirokida ma`ruza o`tkazdilar, siyosiy axborotlar haqida to`lib-toshib so`zladilar. O`quvchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarini Qobilbek Karimbkovga yo`llashdi va kutganlaridan ortig`i bilan savollariga javobni olishdi. Shundan so`ng Qobilbek Karimbekov safarlarini davom ettirdilar.
 

 

EFIRDA — QOBILBEK KARIMBEKOV

Mabodo teletomoshabinlardan siyosiy va xalqaro masalalarga doir mavzularda samimiy qiyofada jilmayib so‘zlovchi jurnalist kim deb so‘ralsa, ularning ko‘pchiligi Qobilbek Karimbekovni ko‘rsatsa ajab emas. Chindan ham siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekovning imiji shunday.

Ustoz salom-alikdan tortib asosiy mavzu bayonigacha o‘zgacha hayajon bilan, shoshib so‘zlaydi. Uning faoliyati bilan ayni xususiyatini uyg‘un holda tasavvur etgandan so‘nggina anglaysizki, butun umr sur’ati benihoya ortib borayotgan dunyo, tezligi undan kam bo‘lmagan siyosiy jarayonlar tadqiqi, tahlili bilan mashg‘ul insonning a’moli, harakatlari ham shunga yarasha — tezkor. Demak, Karimbekov dunyo bilan baqamti, hamqadam yashayapti. Ta’bir joiz bo‘lsa, "siyosiy sharhlovchi” degan nisbaga shunday fazilat sohibigina munosibdir. Darvoqe, hayajon-chi?! Siyosiy gurunglar bilan his-hayajonni bir joyda ko‘rish taajjubliroq tuyulyaptimi? Bu Qobilbek akaning eng katta yutug‘i. Ko‘p fursatlar mazkur tushunchalar ayri tasavvur etilgani bois bu xil mavzudagi suhbatlar zerikarli bo‘lardi. Q. Karimbekov siyosiy muloqotlardan ana shu qolipni olib tashlagan serhayajon sharhlovchi.

Ustoz bilan birga ishlagan odam "spravochnik”ka zarracha ehtiyoj sezmaydi. Unga  biror siyosiy voqeaning qachon, qaerda, qay tarzda ro‘y bergani-yu, o‘shanda qaysi siyosatdon bu masalaga qanday munosabat bildirgani karra-karradek gap. Ustozning xotirasini "gegabayt”lar bilan o‘lchab bo‘lmas-ov! (hazil). Aslida, ta’kidlab o‘tganimiz kabi, bugungi shitobli zamonda siyosiy sharhlovchilikning birinchi sharti ham tezkorlik, hozirjavoblikdir. Q. Karimbekov faoliyatiga ana shu nuqtai nazardan yondashsak, u dunyoning qay bir kunjagi, puchmog‘ida qanday voqea-hodisa sodir bo‘lgani, voqealar rivoji qanday tus olayotganini bilib turishi, har damda eng so‘nggi axborotlar bilan qurollanib yurishi bilan hayratlantiradi. "Ciyosiy sharhlovchining vazifasi shunda”, deb qo‘ya qolishingiz mumkin. Ammo dunyo keng, olam bepoyon, unda soniyada sodir bo‘layotgan hodisot behisob. Shu voqeani yana o‘n yillar o‘tgandan so‘ng ham kechagidek xotirlash, ma’lumotlarni bexato aytib berish hayratga loyiq emasmi?

Qobilbek Karimbekov ijodiy faoliyatining boshlanishi mamlakatimizda, umuman, dunyoda tub o‘zgarishlar, tarixiy voqealar, boshqacha qilib aytganda, hamma siyosiy mavzuda qalam tebratish, sharh berishni kasb qilgan kishilarning og‘ziga ko‘z tikkan davrga to‘g‘ri keldi. Ustoz: "Ijod yo‘lim ana shunday alg‘ov-dalg‘ovli, ayni paytda shonli bir pallaga to‘g‘ri kelganidan cheksiz mamnuniyat his etaman”, deydi.

Q. Karimbekov atrofidagi yoshlarning g‘amxo‘ri, yaqin maslahatgo‘yi. O‘zi aytmoqchi, hayotda o‘z o‘rningni topishda ko‘makching, yo‘riqching bo‘lganiga nima yetsin. Shundan bo‘lsa kerak, bugungi kunda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida siyosiy mavzuda qalam tebratayotgan jurnalistlarning aksariyati Q. Karimbekovni o‘zlarining ustozi deb biladi. Shu ma’noda, u O‘zbekiston televideniesida siyosiy sharhlovchilar maktabini yaratgan ijodkorlardan biridir. Qolaversa, u O‘zMU jurnalistika fakultetida bo‘lajak jurnalistlarga kasb sir-asrorlaridan ta’lim berib, mamlakatimizda malakali jurnalist kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga ham o‘z hissasini qo‘shib kelyapti.

"Jurnalist avvalo, chuqur bilim, keng dunyoqarash sohibi, teran tahlil eta olish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak, eng muhimi, o‘qishdan, izlanishdan bir zum ham to‘xtamasligi shart”, deydi u. Shundan bo‘lsa kerak, Q. Karimbekov o‘z sohasining ham (o‘qituvchiligi bilan) nazariy, ham (jurnalistligi bilan) amaliy jihatini bab-baravar tutgani bilan o‘rnak bo‘lishga intiladi. Ba’zida biz, shogirdlar: "Ustoz, yoshlarga qo‘llanma bo‘lsin uchun biror nima yozmasangiz bo‘lmas-ov”, deb "qitiq pati”ga tegib qo‘yamiz. Yaqinda yana shu gapni qo‘zg‘asak, "Xotirjam bo‘lingizlar, ustozingiz bir ishga qo‘l urib qo‘ygan, tayyor bo‘lsa, birinchi bo‘lib sizlarga ko‘rsataman”, deb ko‘p yillik sirni ochdi... Modomiki, ustozimiz hamon mehnat qilayotgan, izlanayotgan ekan, bu uning xalqim, millatim oldida hali qiladigan ishlarim ko‘p, deb o‘ylashidan darak...


Просмотров: 2233 | Добавил: Freestyle | Теги: Qobilbek Karimbekov | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]