9:26 AM
Sport va sog‘lom oila – sog‘lom bola va sog‘lom jamiyat asosi
Prezidentimiz Islom Karimov raisligida 28-yanvar kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Davlatimiz rahbari mazkur Jamg‘arma faoliyat boshlaganidan buyon o‘tgan yillarda erishilgan yutuqlar, bu borada amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati va natijalari xususida atroflicha fikr yuritdi.

– Yoshlarni jismoniy va ma’naviy jihatdan mutanosib rivojlantirishga qaratilgan bu tizimning yo‘lga qo‘yilishi har tomonlama to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda, – dedi Prezidentimiz. – Shaharu qishloqlarimizda bunyod etilgan zamonaviy sport majmualarida bolalar sport bilan muntazam shug‘ullanib, salomatligini mustahkamlamoqda. Sog‘lom, kuchli, mard va qat’iyatli bo‘lib kamolga yetmoqda. Farzandlarimizning irodasi toblanmoqda, turmush tarzi, dunyoqarashi o‘zgarmoqda.

"Sog‘lom avlodni tarbiyalash – buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish deganidir”. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mustaqilligimizning ilk yillarida aytilgan bu so‘zlar mamlakatimizning istiqboldagi bosh maqsadini, davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishini belgilab bergan. O‘zbekiston istiqlolning dastlabki kunlaridan uzoq istiqbolni ko‘zlab, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart, degan ezgu niyatni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan.

Istiqlol yillarida bu olijanob maqsad yo‘lida miqyosi va ahamiyati jihatidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va sog‘lom ulg‘ayishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom hayot tarzini keng qaror toptirish, barkamol avlodni shakllantirishning noyob tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bolalar sporti ta’lim-tarbiya sohasining uzviy qismiga aylandi.

2013-yilda bolalar sporti obyektlari, musiqa va san’at maktablari barpo etish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari izchil davom ettirildi. 113 sport inshooti va suzish havzasi, 55 bolalar musiqa va san’at maktablari qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu obyektlarning 132 tasi qishloq joylarda ishga tushirildi. Bu maqsadlar uchun 210 milliard 400 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Prezidentimiz sport majmualari, musiqa va san’at maktablarini har tomonlama sifatli qurish, buning uchun ixtisoslashgan pudrat tashkilotlarini ko‘paytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Bolalar sporti obyektlarini qurish hech qachon to‘xtamaydi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi. Aziz bolalarimiz kamol topadigan bu majmualarni shunday chiroyli va mustahkam etib quraylikki, bu bizdan o‘ziga xos bir esdalik, ularga mehrimizning ifodasi bo‘lsin, dedi davlatimiz rahbari.

Barcha sport majmualari zamonaviy sport inventarlari va malakali murabbiylar bilan ta’minlanayotgani tufayli ularning qamrovi tobora kengayib bormoqda. Bugun mamlakatimizda 2 millionga yaqin bola sportning 30 dan ziyod turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Bitta sport inshootidan o‘rtacha kunlik foydalanish vaqti 9,5 soatni tashkil etmoqda.

– Bolalar uchun barpo etiladigan har bir inshootni qalb qo‘rimizni bag‘ishlab qurishimiz kerak. U yerda shug‘ullangan bolalar shunday imkoniyatlardan mamnun bo‘lib, ezgu maqsad va intilishlar bilan yashasin. Zero, farzandlarimizni xursand qilish, ularning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun sharoit yaratish bizning burchimiz, – dedi Prezidentimiz.

Bolalar sporti obyektlari asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sport inventarlari va uskunalari bilan jihozlanmoqda. Bugungi kunda 120 turdagi sport inventarlari va uskunalarining 116 tasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilmoqda.

Mamlakatimizda qizlarni sportga jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular uchun milliy mentalitetimizga xos kiyimlar ishlab chiqarilmoqda, ayol murabbiy va o‘qituvchilarni tayyorlashga keng o‘rin berilayotir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida o‘quvchi qizlarga sport kiyimlari topshirilmoqda. Bu qizlar o‘rtasida sportning yanada ommalashishi, ularning sog‘lom, baquvvat va durkun bo‘lib ulg‘ayishida muhim omil bo‘lmoqda. Bugun yurtimizda 842 ming nafarga yaqin qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Davlatimiz rahbari qizlarni jismoniy tarbiya va sportga yanada kengroq jalb qilish zarurligini, buning uchun mahalla va xotin-qizlar qo‘mitalarining faolligini oshirish, oilalar bilan doimiy ishlashni yanada kuchaytirish lozimligini alohida ta’kidladi.

Oila qachon baxtli bo‘ladi? Ayol baxtli bo‘lsa! Ayol qachon baxtli bo‘ladi? Farzandlari sog‘-salomat bo‘lsa! Buning uchun oilada sog‘lom muhit shakllanishi, avvalo, ota-ona sport bilan shug‘ullanishi kerak, dedi Islom Karimov.

Farzandlarimizning har tomonlama sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishida joylarda tashkil etilayotgan turli sport musobaqalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlar orasida sportga qiziqish, sog‘lom bo‘lishga intilish kuchayib bormoqda.

Uch bosqichli sport tizimi – "Umid nihollari”, "Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yoshlarni sportga keng jalb etish, professional sportchilarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.

2013-yilda ham mamlakatimiz sportida ulkan muvaffaqiyatlarga erishildi. Poytaxtimizda o‘smirlar va qizlar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha IV jahon chempionati, dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumidagi xalqaro musobaqa, badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati yuksak saviyada o‘tkazildi.

Olti yoshli shaxmatchimiz Islombek Sindorov Eronda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Nafisa Mo‘minova o‘zbek qizlari o‘rtasida birinchi bo‘lib xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘ldi.

Og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov Polshada o‘tkazilgan jahon chempionatida, dzyudochimiz Yahyo Imomov Fransiyada o‘tgan "Katta dubulg‘a” turkumidagi xalqaro turnirda birinchi o‘rinni egalladi.

Prezidentimizning 2013-yil 3-dekabrdagi farmoniga muvofiq Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini oshirishga salmoqli hissa qo‘shgan bir guruh iste’dodli yoshlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishi mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

Bu yil "Barkamol avlod” musobaqalarining final bosqichi Namangan viloyatida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan bu yerda bir qator yangi sport majmualari qurilmoqda, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda Sog‘lom bola yili deb e’lon qilingan joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengayadi. Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini va aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, ommaviy sportni, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.

– 2014-yilni mamlakatimizda Sog‘lom bola yili deb e’lon qildik. Bu masalaga yangicha qarashni, mas’uliyatni yanada oshirishni talab etadi. Bu haqda so‘z borganda, xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan, ezgu da’vatga aylanib borayotgan bir shiorni eslash o‘rinli, deb bilaman. Ya’ni, sog‘lom bola – avvalo sog‘lom va ahil oilaning mevasidir. Sport ana shunday oilalarni shakllantiradigan eng yaxshi vositalardan biridir. Sport bilan shug‘ullangan yigit-qizlar sog‘lom va baquvvat, fikri tiniq bo‘ladi. Kelgusida farzandlarini ham shu ruhda tarbiyalaydi. Bunday oilalar ko‘paysa, butun jamiyatimizning sog‘lom muhiti yanada mustahkamlanadi, – dedi Prezidentimiz.

Majlisda Homiylik kengashining 2013-yil 15-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosi atroflicha tahlil etildi. Sport inshootlari va suzish havzalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ularni zarur sport anjomlari va inventarlari bilan jihozlash, sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirish, malakali murabbiylar, ayniqsa, ayol sport ustozlarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari sport inshootlaridan samarali foydalanish, qizlarni sport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sport anjomlarining turini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilash, shu sohada faoliyat olib borayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga doimiy e’tibor qaratish zarurligini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda 2014-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘rib chiqildi. 115 sport obyekti va 48 bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, ularni zarur anjom va uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Bu borada yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.

2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari ham ko‘rib chiqildi.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bugun boshqalarning havasini tortayotgan tashkilotga aylangani barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Bu harakat samaralaridan bahramand bo‘layotgan bolalar har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetmoqda. Bu xalqimiz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmagani, hech kimdan kam emasligi va hech kimdan kam bo‘lmasligining yana bir hayotiy tasdig‘idir, dedi pirovardida Prezidentimiz.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.Azimov, Bosh vazir o‘rinbosarlari E.Bositxonova, B.Zokirov, A.Ikromov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti M.Usmonov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlarining axboroti tinglandi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.


Просмотров: 3651 | Добавил: Freestyle | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]