Ona diyorimizda fasllar kelinchagi – bahor kezmoqda, tabiat uyg‘onmoqda. Borliqdagi yangilanish, yasharish ozod va obod Vatanimizga Navro‘zi olam kirib kelganidan mujda beradi. Ezgulik, muhabbat, xayr-saxovat, shafqat va shafoat ayyomi qalblarga olam-olam surur, yangidan-yangi orzu-havaslar baxsh etadi. Yurtimiz bu gal ham tinch va osoyishta, xalqimiz sihat-salomat va bardam, salmoqli yutuqlari, mo‘l-ko‘l orzulari, ezgu tilaklari bilan Navro‘z shodiyonalariga qadam qo‘ymoqda.
Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan istiqlolimizdan oldin Navro‘z tiklandi. Mustaqillik yillarida esa bu bayram izchil rivojlandi, takomillashdi, uning mazmun-mohiyati boyidi va ezgulik bilan yo‘g‘rilgan yangi qirralari namoyon bo‘ldi.
21 mart kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bayramona bezatilgan.
Bu yerga hukumat a’zolari, deputatlar va senatorlar, fan, madaniyat, san’at, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, tabarruk otaxonu onaxonlar, turli sohalarda barakali mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan.
Soat 10.00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keladi.
Bayram tantanasiga hozir bo‘lganlar davlatimiz rahbarini qarsaklar bilan kutib oladilar.
Chorlov musiqasi yangraydi.
Prezident Islom Karimov minbarga taklif etiladi.
Mamlakatimiz rahbari xalqimizni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etadi.
Maydon uzra karnay-surnay va nog‘oralar sadosi taralib, Navro‘z sayli boshlanganidan darak beradi.
Xalqimiz doim Navro‘zni o‘zgacha bir sog‘inch, intiqlik bilan kutib oladi. Bu gal ham shunday fusunkor damlarda yeru ko‘k bag‘rida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni qalbidan o‘tkazayotgan hamyurtlarimizning dillarida quvonch, ana shu yorug‘ kunlarga, go‘zal hayotning bebaho ne’matlariga eson-omon yetganimiz, osmonimiz musaffoligi uchun shukronalik tuyg‘ulari tug‘yon urayotir.
Muazzam maydonning chor tarafida turfa ranglardagi bayroqchalar hilpiraydi, havo sharlari mayin epkinlarda tebranadi.
Buyuk kelajagimiz vorislari – sahnada. Maydon jajji bolakaylarning kulgusi va sho‘x-xandon qiyqiriqlariga to‘ladi. Bolalar tabassumiga ne yetsin. Zotan, bu – baxtiyor bolalikdan, mustaqil yurt farzandlarining beg‘ubor va quvnoq damlaridan, sog‘lom zurriyotlarimiz iqbolidan darak.
Navro‘z va Yoshlik – orastalik, go‘zallik, beg‘uborlik va pokizalik timsollaridir. Joriy yilning Prezidentimiz tomonidan Yoshlar yili deb e’lon qilinishi navqiron avlodga beqiyos shodlik, g‘urur va iftixor bag‘ishladi, o‘ziga ishonchini yanada mustahkamladi, himmat va g‘ayrat kamarini yanada mahkamroq bog‘lashga ruhlantirdi.
Yurtimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Biz bugun barpo etayotgan yangi hayot, yangi jamiyatni avvalambor o‘zimiz uchun, o‘sib kelayotgan, bugun boshlagan ishlarimizni ertaga davom ettirishga qodir farzandlarimiz uchun qurmoqdamiz. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, buyuk davlatni faqat sog‘lom millat, sog‘lom avlodgina qura oladi. Shu ma’noda, Yurtboshimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Yoshlar yili” Davlat dasturi har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalash yo‘lida navbatdagi zalvorli qadam bo‘ldi.
“Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir” – bu hikmatli shior shavkatli bobokalonimiz Amir Temur ma’naviyati durdonalaridan. Farzandu nabiralarimiz bilan faxrlanishni istasak – ular sog‘lom, durkun, barkamol, zamonaviy bilim va tajribaga ega, iymonli-e’tiqodli bo‘lishlariga, Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimizning ishlarini davom ettira oladigan insonlar bo‘lib kamolga yetishishlariga erishishimiz lozim.
O‘zbekistonda tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida rivojlangan mamlakatlar tajribasidan va amaliy maqsadga javob berishidan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasi boshqaruv tizimining barcha bo‘g‘inlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishning ikkinchi bosqichi doirasida davolash-profilaktika muassasalari tarmog‘ini qayta tashkil qilish, viloyatlarda kattalar va bolalar uchun ko‘ptarmoqli tibbiyot markazlarini barpo etish, tumanlar miqyosidagi tuzilmalarni takomillashtirish, qishloq vrachlik punktlarini mustahkamlashga doir ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday keng qamrovli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida aholi sog‘ligining mustahkamlanishi, kishilarimiz umr ko‘rish darajasining ortishi, onalar va bolalar o‘limining keskin kamayishi, turli yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF singari xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda inson manfaatlarini, xususan, sog‘lom zurriyot va sog‘lom avlod tarbiyasini ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil islohotlar berayotgan samaralardir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada ommaviy sport o‘yinlari hamda bolalar sportini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar tufayli, bir tomondan, bolalarimiz zamonaviy shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda jismoniy chiniqayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro maydonlarda baland ko‘tarayotgan navqiron va zabardast sportchilarimiz yetishib chiqmoqda. Bu haqda gap ketganda, birgina o‘tgan yili yurtimizda 170 bolalar sporti obyekti, jumladan, 27 sport inshooti, 143 maktab sport zali barpo etilganini qayd etishning o‘zi kifoya.
Davlatimiz rahbarining 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi esa jajji farzandlarimizning ma’naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularning milliy va jahon musiqa madaniyatining eng sara namunalaridan keng bahramand bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratmoqda…
Xalqimiz azaldan to‘y va shodiyonalarni alohida taraddud bilan qarshi oladi. Bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik, saxovat va mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlarni yanada yuksaltirish, umumxalq bayramlari arafasida mahallalar, ko‘chalar va aholi turarjoylarini obodonlashtirish maqsadida bu yil yurtimizda mart-aprel – obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyliklari deb e’lon qilingani ham Navro‘z bayramini nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rishda katta ahamiyat kasb etdi.
Maydon uzra mayin navo taraladi. Musiqiy ohanglarga qushlar chug‘uri, jilg‘a-soylarning jildirashi – bahor ishvalari uyg‘unlashib ketadi. Ana shunday sehrli ohanglar og‘ushida yurtimizning husn-malohatda tengsiz tabiati, betakror qadimiy obidalariyu zamonaviy me’morchilik an’analari asosida qad rostlagan go‘zal binolari, shahar va qishloqlarimizning ko‘rku tarovatli qiyofasi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.
Ota-bobolarimiz bunday kunlarda yetim-yesir, beva-bechoralar, xastayu muhtojlarga mehribonlik ko‘rsatishga shoshilgan, gina-kuduratlar unutilgan. Buni hayotimizning barcha jabhalarida, odamlarimizning qalbida, ongu shuurida namoyon bo‘layotgan mehr-oqibat, muruvvat, bag‘rikenglik kabi insoniy fazilatlar va yurtdoshlarimizning ertangi kunga ishonchi to‘la tasdiqlaydi.
Mustaqillik yillarida millatimiz tiynatiga xos ana shu inja xislatlar qaytadan qadr topdi. Mo‘tabar qariyalarimiz, ota-onalarimizning hurmat-ehtiromini joyiga qo‘yish, bir-birimizga mehr-oqibat ko‘rsatish, kattalarga hurmat va kichiklarga izzatda bo‘lish, jamiyatimizda hech kim yolg‘iz emasligi, hech kim e’tiborsiz va qarovsiz qolmasligi kabi xalqimizning azaliy fazilatlari rivoj topmoqda.
Dunyoda “o‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan mustaqil taraqqiyot yo‘limizning negizida turgan mashhur besh tamoyildan biri kuchli ijtimoiy siyosat olib borishdan iborat. Ana shu siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar davlatimiz budjetining umumiy xarajatlariga nisbatan 2007 yilda 53,8 foizni tashkil etdi. 2008 yilda esa bu ko‘rsatkich 54,6 foiz darajasida bo‘lishi belgilangan. Bunday ko‘rsatkichlar boshqa davlatlar tajribasida kamdan-kam uchraydigan hol ekanini jahon jamoatchiligi ham e’tirof etmoqda.
Yurtimiz azaldan insoniyat tamadduni, jumladan islom dini madaniyati beshiklaridan biri sifatida mashhur. Buyuk ajdodlarimizning ilm-fan va madaniyatning ko‘plab sohalari taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho hissasini dunyo ahli keng e’tirof etgan. Mamlakatimizda ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosni tiklash va yanada rivojlantirishga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Buyuk alloma va aziz-avliyolarimiz muqaddas qadamjolarini ta’mirlash va obodonlashtirish, ularning boy ilmiy-madaniy merosini chuqur o‘rganish, ayniqsa, yoshlarimiz ongiga singdirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida g‘oyat katta bunyodkorlik, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi va ushbu mo‘tabar go‘sha xalqimizning buyuk bunyodkorlik salohiyati va yaratuvchilik dahosining yorqin namoyoniga aylandi. Samarqand shahrining 2750, Marg‘ilonning 2000 yillik qutlug‘ to‘ylari keng nishonlangani ham tinchlik-osoyishtalik hukm surgan yurtga xursandchilik, to‘y-tomosha yarashadi, degan hikmatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Asrlar davomida Navro‘z kunlari kishilarimiz yoppasiga qir-adirlarga, ko‘cha va xiyobonlarga, guzar va sayilgohlarga sayilga chiqqan. Baxshilar aytishuvi, laparlar, hazil-mutoyiba, qo‘shiqlar, xalq termalari, askiyachilar payrovi yangragan. Uloq-ko‘pkari, poyga, kurash, merganlik kabi tomoshalar o‘tkazilgan. Dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar, polvonlar o‘z san’atini namoyish etganlar.
Rang-barang ashula va raqs, turli badiiy jamoalarning chiqishlari, maydon sahnida uyushtirilayotgan xalq o‘yinlari, kuylanayotgan qo‘shiq, lapar va ijro etilayotgan raqslarda qadimiy bayramimizning ana shu xilma-xil noyob qirralari o‘z aksini topadi.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli hayotbaxsh islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotir. Shu ma’noda, 2007 yil 23 dekabrda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etayotgan mamlakatimiz kelajagi uchun tarixiy ahamiyatga ega muhim siyosiy voqea bo‘ldi.
Bu tarixiy voqealar mamlakatimizni jadal isloh etish va modernizatsiya qilishning yangi davri – milliy taraqqiyotimizning keyingi mantiqiy bosqichi izchil davom etayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu bosqichning muhim dasturiy vazifalari, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, siyosiy va iqtisodiy hayot, davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, mustaqil sud tizimini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish, fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishdan iboratdir.
Vatanimizning yanada ravnaq topishida shu mo‘tabar zaminda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har qaysi inson, har bir yurtdoshimiz munosib hissa qo‘shmoqda.
Ko‘z o‘ngimizda Navro‘zning asl mohiyati, kishilarni birlashtiruvchi, dillarni dillarga bog‘lovchi hayotbaxsh kuchi yanada yaqqol, baralla namoyon bo‘ladi – ozod diyorimizda bir tanu bir jon bo‘lib yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining badiiy chiqishlari qalblarni faxrga to‘ldiradi. Mamlakatimizda yagona oila farzandlaridek istiqomat qilayotgan bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillarining ta’lim olishi, mehnat qilishi, o‘z ijodiy salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Hamjihatlik, tashabbuskorlik va halol mehnat ulug‘langan yurtda baraka bo‘ladi. Buni o‘tgan yilda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlari ta’minlangani – yalpi ichki mahsulot 9,5 foizga ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Yurtimizda investitsiya muhiti yaxshilanishi natijasida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 58 foizga ortdi. Ularning 76 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilgan xorijiy investitsiyalardir.
Bu kabi yuksak iqtisodiy natijalar samarasi tufayli aholining real pul daromadlari bir yilda 27 foizdan ziyod ko‘paydi. 2007 yilning dekabrida o‘rtacha oylik ish haqi, xo‘jalik subyektlari va budjet sohalarini hisobga olganda, 210 AQSH dollari miqdoriga teng bo‘ldi.
Sahnada yangragan dilbar qo‘shiqlarda, lobar raqslarda, yorqin bezaklarda, bayram ishtirokchilarining xushnud qiyofalarida erishgan yutuqlarimizdan faxrlanish va mamnuniyat tuyg‘ulari barq uradi…
Navro‘zga ajdodlarimiz rizq-nasiba, najot va barakot fursati sifatida qaragan. Asriy an’analarimizga ko‘ra, ayni kunlarda dehqonlarimiz dasturxonimiz to‘kin va barakali bo‘lsin, degan niyatda yerga urug‘ qadamoqdalar. O‘tgan yili paxta yetishtirish 3 million 650 ming tonnadan, yalpi g‘alla hosili esa 6 million 250 ming tonnadan oshdi. Mamlakatimiz bo‘yicha tayyorlangan yalpi paxta hosilining 99 foizi, g‘allaning 82 foizi mavjud 215 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi tomonidan yetishtirilgani e’tiborga molikdir.
Navro‘zning yangi mehnat mavsumi boshlanishi munosabati bilan o‘tkaziladigan “Ko‘k oshi”, “Oq osh”, “Ekin sayli” kabi marosimlarida yangraydigan xalq ijodiyotining eng nodir durdonalari, kuy-qo‘shiqlar, she’riyat namunalari, dostonlar, hikmatlar sadosi ona zaminni qish uyqusidan uyg‘otib, borliqqa bahor sep yoyganidan darak beradi. Yam-yashil qir-adirlar, gullarga burkangan vodiylar, lolaqizg‘aldoqdan alvonlashgan cho‘l-biyobonlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Boychechagu binafsha bo‘ylari dimoqni qitiqlaydi, orziqib kutganimiz – bahor havosini sipqorib to‘ymaymiz…
Bu ayyom arafasida shahar va qishloqlarimizda barpo etilgan yangi inshootlar, korxona va o‘quv muassasalarini foydalanishga topshirish xayrli an’anaga aylandi. Yurtimizda shu kunlarda yangi qo‘shma korxonalar, ishlab chiqarish obyektlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, tibbiyot muassasalari, sport majmualari, madaniyat va xizmat ko‘rsatish inshootlari foydalanishga topshirilmoqda. Yoshlarimiz uchun zamonaviy va qulay turarjoylar bunyod etilayotir. Xotin-qizlarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan istiqbolli dasturlarni ro‘yobga chiqarish borasida ham salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilish, uning eng muhim tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, soliq siyosatini yanada erkinlashtirish borasidagi islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Xususiy biznes uchun qulay sharoit yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kuchaytirish, mehnatga haq to‘lashni va aholi turmush darajasini izchil oshirishni ta’minlash ustuvor vazifalardan bo‘lib qolaveradi.
Bunday sa’y-harakatlarning mazmun-mohiyatida xalqimiz farovonligini, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlash, O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishdek ezgu niyatlar mujassam.
Maydon quvonchu shodliklar favvorasiga mengzaydi: hofizu xonandalar xonishi, raqqosalar xiromi ko‘ngillarga farah ulashadi. Kishilar dorbozu morboz, masxarabozu qo‘g‘irchoqbozlar bahsi, poyga, kurash, merganlik tomoshalaridan zavqlanadilar. Dasturxonlarni bahoriy taomlar bezaydi, doshqozonlarda sumalak qaynaydi…
Davlatimizning tashqi siyosatida O‘zbekiston manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu borada xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik, ochiq muloqot yo‘lidan sobit bormoqdamiz. 2007 yilda mamlakatimizning o‘zaro hamkor davlatlar bilan savdo-sotiq munosabatlarini faol rivojlantirishi natijasida eksport hajmining o‘sish sur’ati 40,7 foizga ortib, importga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasida 3,5 milliard dollardan ortiq miqdorda ijobiy saldoga erishish va oltin-valuta zaxiralarimizni 1,5 barobar ko‘paytirish imkonini berdi.
Navqiron avlod vakillarining Navro‘z shodiyonalariga bag‘ishlangan qo‘shiq va raqslaridan ko‘ngillar yayraydi. Davraga fayz va tarovat baxsh etib kuylayotgan, quvnoq raqs tushayotgan o‘ktamu durkun yoshlarimizga boqib, Istiqlol tengdoshlari bu yil o‘n yettinchi bahorni, o‘n yettinchi Navro‘zni qarshilayotgani haqida havas bilan o‘ylaysiz.
Prezidentimizning 2007 yil 18 mayda qabul qilingan “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni yurtimiz yoshlari tomonidan nihoyatda dolzarb hujjat sifatida qarshi olindi. Farmon kelajakka komil ishonch bilan intilayotgan navqiron avlod vakillariga g‘amxo‘rlik va e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Ushbu hujjatda, bir tomondan, yoshlarning mustaqil hayotga dadil qadam qo‘yishi, ikkinchi tomondan, mustaqil mehnat faoliyatini boshlashi, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi, uchinchi tomondan esa uy-joy va maishiy sharoitini yaxshilab olishi uchun amaliy rag‘bat omillari poydevori mustahkamlangan.
O‘tgan yili yosh oilalarning muammolarini yechish, avvalo, uy-joy sotib olish va imorat qurish, ro‘zg‘orini butlashga ko‘maklashish maqsadida tijorat banklari tomonidan 57 milliard 500 million so‘mlik ipoteka va iste’mol kreditlari ajratilgani e’tiborga molikdir.
Shu kabi qulayliklar yosh iste’dod sohiblari – salohiyatli, qobiliyatli, barkamol farzandlarimiz uchun yangidan-yangi imkoniyatlar eshiklarini ochmoqda. Bugun turli jabhalarda olam uzra dong‘i yoyilayotgan g‘olib va muzaffar o‘g‘il-qizlarimizni olqishlar ekanmiz, qalblarimizda yana bir bor betakror Vatanimiz, uning kelajakka intilayotgan iqtidorli yoshlari bilan farxlanish tuyg‘ulari jo‘sh uradi.
Bugun O‘zbekistonimizda ruhi tetik, iligi to‘q, bilagi baquvvat, har tomonlama barkamol avlod voyaga yetmoqda. Bu sog‘lom avlod timsolida kelajagimizni, demokratik va iqtisodiy taraqqiyotimizning taqdirini hal etadigan, jamiyatimiz hayotida munosib o‘rin egallashga layoqatli, mamlakatimizni isloh etish va yangilash bo‘yicha belgilab olgan yuksak maqsadlarimizga erishish yo‘lida tom ma’noda hal qiluvchi kuch, tayanch va suyanch bo‘lishga qodir yoshlarimizni – hech qachon hech kimdan kam bo‘lmagan va kam bo‘lmaydigan xalqimizning o‘ktam hamda durkun farzandlarini ko‘rib turibmiz.
Havoda rango-rang sharlar uchadi. Xalq marosimlari va milliy sport o‘yinlaridan so‘ng elu yurtimizni madh etuvchi, o‘zlikni ulug‘lovchi yallalarda xalqimizning milliy o‘ziga xos fazilat va xislatlari tarannum etiladi. San’at ustalari, estrada yulduzlari, yosh san’atkorlarning ona yurtni, istiqlolni, Navro‘zni, bahor va muhabbatni madh etgan chiqishlari qalblarni to‘lqinlantiradi. Musiqiy ohanglar, diltortar raqslar, fusunkor sahna manzaralari kishiga zavq-shavq bag‘ishlaydi.
Shunday shukuhli damlarda ajdodlardan bizga, bizdan avlodlarga meros shu Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi jonu tanimizga yanada teranroq singayotgandek. Navro‘z shodiyonalarining jozibasi, butun ko‘rku tarovati ham aslida shunda!
Dilbar kuy-qo‘shiq va raqslarga mushakbozlik ulanib ketadi…
Milliy bog‘ yo‘laklari bo‘ylab turli qandolat, noz-ne’matlar, milliy hunarmandlik mahsulotlari namoyish etilmoqda. Qo‘li shirin pazandalar sumalak, halim singari turfa taomlar bilan sayil ishtirokchilarini siylaydilar.
Yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida Navro‘z sayli davom etmoqda.
|