3:49 PM
O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi

01.01.2014

Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!

Mana shu unutilmas, shukuhli damlarda siz, mo‘tabar otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarimizni, navqiron o‘g‘il-qizlarimiz, jajji bolalarimizni – barcha-barchangizni qutlug‘ qadamlar bilan yurtimizga kirib kelayotgan yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni izhor etishni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

Bayramona dasturxon atrofida jamuljam bo‘lib o‘tirgan siz, azizlarni bag‘rimga bosib, xonadonlaringizga tinchlik, sog‘lik-omonlik va xursandchilik, to‘kin-sochinlik yor bo‘lishini, yurtimiz yanada obod bo‘lib, yanada chiroy ochib ravnaq topishini, barcha-barcha ezgu niyatlarimiz ushalishini tilayman.

Bugungi kunda oldimizda turgan buyuk maqsadlarimizga erishish, taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, hayotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mamlakatimiz qo‘yayotgan amaliy qadamlar, O‘zbekistonimizning xalqaro maydonda obro‘-e’tibori yuksalib borayotgani barchamizga yaxshi ma’lum.

Yakuniga yetayotgan 2013-yilning ayni shu yo‘lda Vatanimiz taraqqiyotiga, iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, el-yurtimiz hayot darajasining yuksalishiga salmoqli hissa qo‘shgani, xosiyatli va barakali bo‘lganini shukronalik bilan ta’kidlashimiz lozim.

Buning dalili sifatida jahon miqyosida hali-beri davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning jiddiy ta’siriga qaramasdan, keyingi yillarda iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlari 8 foizdan ziyodni tashkil etgani va bunday ko‘rsatkich dunyoda kamdan-kam davlatlarda kuzatilayotgani barchamizga chuqur mamnuniyat yetkazadi.

Iqtisodiyotimizga jalb qilinayotgan keng ko‘lamli kapital mablag‘lar va chet el investitsiyalarining hajmi tobora oshib borayotgani, shuning hisobidan eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yuzlab korxonalar, transport kommunikatsiyalari, ming-minglab yangi uy-joylar, infratuzilma ob’ektlari barpo etilgani shahar va qishloqlarimizning qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda, mamlakatimizning salohiyatini yanada oshirib, kelajagimiz uchun mustahkam poydevor yaratmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘tib borayotgan 2013-yilda aholimizning real daromadlari 15,7 foizga, ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori 20,8 foizga o‘sgani, inflyatsiya darajasi 6 foizdan ortmagani, bozor va do‘konlarimiz rastalari to‘kin-sochin bo‘lib, ko‘zni quvontirayotgani, narx-navo me’yordan oshmagani – bularning barchasi, hech shubhasiz, xalqimizning farovonligi, hayot darajasi va sifati yuksalib borayotganining yaqqol dalili va isboti, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Yangi yilda ham ayni shu siyosatni izchil davom ettirish asosida aholimizning moddiy ahvoli yanada yaxshilanib, oylik ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori bu raqamlardan kam bo‘lmaydi, deb barchangizni ishontirib aytishga to‘liq asoslarimiz bor.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun biz katta orzu-umidlar bilan kutib olayotgan yangi – 2014-yil haqida, barchamizning e’tiborimiz markazida turishi zarur bo‘lgan vazifalar haqida gapirganda, eng avvalo, qo‘lga kiritgan yutuqlarga mahliyo bo‘lmasdan, beparvolik kayfiyatiga berilmasdan, erishgan natijalarimizni tanqidiy baholab, hayot talablari bilan hamohang bo‘lib, ko‘zlagan istiqbolimizga qadam qo‘yishimiz nihoyatda muhimdir.

Shu ma’noda, birinchi navbatda yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, mehr-oqibat, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni, qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, har qanday balo-qazolarni ostonamizga yo‘latmaslik, sarhadlarimiz daxlsizligini ko‘z qorachig‘idek asrash, buning uchun Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va qudratini oshirishga alohida ahamiyat berish – bugungi kunda notinch zamonning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan dolzarb vazifalar qatorida saqlanishi zarur.

Biz tanlagan va o‘tgan davr mobaynida o‘zini to‘liq oqlagan, chuqur o‘ylangan, jamiyatimizni demokratlashtirish va hayotimizni erkinlashtirishga qaratilgan islohotlarni chuqurlashtirish va samarasini oshirish siyosatimizni davom ettirish yangi yilda barcha dasturlarimiz va kundalik harakatlarimizning maqsadlariga aylanishi kerak.

Shu borada zamonaviy korxonalarni ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatlarini rivojlantirishga keng yo‘l ochib berish, sog‘liqni saqlash, biz uchun muhim o‘rin tutadigan ta’lim-tarbiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarimizni davom ettirish yangi yilda ham eng ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qoladi.

Kirib kelayotgan 2014-yilning yurtimizda "Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinganini xalqimiz katta mamnuniyat bilan kutib olgani va keng qo‘llab-quvvatlayotgani bu qaror el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlariga naqadar hamohang ekanidan dalolat beradi.

Haqiqatan ham, bolalarimizning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ularning baxtu iqbolini ko‘rish – har bir ota-ona, har qaysi oilaning eng ulug‘ va muqaddas orzusidir.

Shu bilan birga, hammamiz yaxshi tushunamizki, faqatgina jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk, zamonaviy bilimga, o‘z fikr va qarashlariga ega bo‘lgan, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yangi avlodimizni kamol toptirish – biz ko‘zlagan obod va farovon hayot barpo etishning asosiy garovi va aytish mumkinki, hal qiluvchi sharti bo‘lib maydonga chiqmoqda.

Ayni shu haqiqatni chuqur anglab, "Sog‘lom bola yili” deb nom olgan 2014-yilda va kelgusida ham bu masala, bu vazifa ham davlatimiz, ham jamiyatimiz, barcha-barchamizning doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Yangi yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qolgan mana shu hayajonli damlarda barchamiz Yaratganimizdan ezgu orzu-maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishini, xonadonlarimizning qut-barakasi, fayzini berishini chin qalbimizdan so‘raymiz.

Kirib kelayotgan yangi yilimiz yurtimizga, barcha-barcha oilalarga baxtu saodat va omad keltirsin!

Har birimizning pok niyat va tilaklarimiz ijobat bo‘lsin!

Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti



Manba: O`zA

Просмотров: 3546 | Добавил: Freestyle | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]