3:10 PM Qutlug‘ shodiyonaga qizg‘in tayyorgarlik | |
Bu yil Mustaqilligimizning 22 yilligini nishonlaymiz. Shu munosabat bilan ayni paytda yurtimizning barcha hududlarida ushbu qutlig‘ shodiyonani munosib nishonlash maqsadida katta tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 12 iyundagi "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta'minlash bo‘yicha vazirlikning 212-sonli buyrug‘i qabul qilindi. Vazirlik tomonidan "Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!” shiori ostida o‘tkaziladigan bayramning tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'rifiy tadbirlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi hamda ishchi guruhi tasdiqlandi. Shuningdek, tizimdagi barcha boshqaruv organlari va ta'lim muassasalarida tegishli buyruqlar ishlab chiqilib, ishchi guruhlari tuzilmoqda. Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, mustaqillik yillarida mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, xususan, ta'lim tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni o‘quvchi-yoshlar, o‘qituvchilar, ota-onalar o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari tashkil etiladi. Xususan, A.Avloniy nomidagi XTXQTMOMI, 14 ta hududiy malaka oshirish institutlari hamda vazirlik tasarrufidagi 5 ta Davlat Pedagogika institutlari qoshida tajribali professor-o‘qituvchilardan iborat ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot guruhlari shakllantirilib, ular tomonidan joriy yilning iyul-avgust oylari davomida aniq reja-jadvallari asosida umumiy o‘rta ta'lim maktablarida, mahallalarda tushuntirish ishlari olib boriladi. Bu borada ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot guruhlari uchun Prezident qarorida belgilab berilgan g‘oyalarni singdirgan holda "Ta'limga e'tibor – kelajakka e'tibor” shiori ostida mamlakatimizda, jumladan, ta'lim tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni tizim xodimlari, o‘quvchilar va ota-onalarga yetkazish maqsadida uslubiy tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, vazirlik muassisligidagi barcha gazeta va jurnallar tahririyatlarida Mustaqillik bayramining yigirma ikki yilligiga bag‘ishlab "Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!” nomli rukn ochish va unda o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tizimda mustaqillik bayramining nishonlanishiga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi hamda mavzuga oid boshqa xabar va turkum maqolalar, davra suhbatlari, ilg‘or pedagogik tajribalarni keng yoritish belgilandi. Shuningdek, bayramga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish maqsadida joriy yilning 15 avgustga qadar barcha ta'lim muassasalarini mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar aks ettirilgan bannerlar, shiorlar, plakatlar va boshqa ta'sirchan ko‘rgazmali vositalar bilan bezatiladi. Joriy yilda kapital rekonstruksiya qilinayotgan 219 ta va kapital ta'mirlanayotgan 162 ta umumta'lim maktabi, yangi qurilayotgan 33 ta va kapital rekonstruksiya qilinadigan 22 ta bolalar musiqa va san'at maktablarini hamda bolalar va o‘smirlar sport ob'ektlarini o‘z vaqtida ishga tushirilishini ta'minlash va ularning ochilish marosimlarini keng jamoatchilikni jalb etish bo‘yicha ham maxsus rejalar ishlab chiqilgan. An'anaga muvofiq, 2 sentyabr kuni barcha umumta'lim maktablarida 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga keng jamoatchilik vakillari ishtirokida "Prezident sovg‘asi”ni topshirish tadbirlari o‘tkaziladi. Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati | |
|
Всего комментариев: 0 | |